Samarqand tumanidagi 49-maktabda 6-soat darslari o‘tilmaydi (mi?)

So‘ngi bir necha yilda O‘zbekistonda ushbu sohaga oid muammolar va ularning yechimi haqida ommaviy axborot vositalarida va hukumat darajasida ko‘plab muhokamalar bo‘ldi. Ushbu sohaning asosiy muammolardan biri – o‘qituvchilar va o‘quvchilarni turli xil ishlar va hasharlarga (paxta terimi, ko‘chalarni tozalash va b.) jalb qilish bosqichma-bosqich bekor qilindi.
Unda nega ba’zi  maktablarda ta’lim sifati qoniqarli emas, degan savol sizni qiynayotgan bo‘lsa ajabmas.


Samarqand tumanidagi 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ham ana shunday muammolar girdobida qolgan ta’lim dargohi desak, xato kilmaymiz.
Tuman hokimligi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi maktab ostonasiga qadam qo‘yishi bilan buning barchasi kundek ravshan bo‘ldi. Maktabda 6-soat darslari o‘tilishi kerak bo‘lgan bir vaktda dars mashg‘ulotlari olib boriladigan sinflarda o‘quvchilar yo‘qligi kishini o‘ylantirdi. Mana, ta’lim sifatiga jiddiy ta’sir qiladigan yana bir jihat.
Kezi kelganda aytib o‘tish kerak. Viloyat hokimi ishtirokida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim sifatining bugungi ahvoliga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham aynan shu masala, ta’lim sifati tanqidga uchragan hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi tahlil qilingan.
 O‘rganish jarayonida ushbu jihatlarga ham e’tibor qaratildi. Maktabda o‘qituvchilarning darsga tayyorgarlik holati ham haminqadar. Uslubiy birlashmalar, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda bir kator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.


Shuningdek, direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan ish reja o‘quv yili boshida tasdiqlanishi lozim bo‘lsa-da, negadir bugungi kunga qadar tasdiqlanmagan. Surunkali va sababsiz ko‘p dars qoldirgan o‘quvchilar va ularning ota-onalariga nisbatan chora ko‘rish bo‘yicha tuman ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlik mutlaqo o‘rnatilmagan. Buni 5 nafar o‘quvchining chet mamlakatlarga maktab rahbariyatidan ruxsat olmasdan noqonuniy ravishda chiqib ketganidan anglash mushkul emas. Muntazam darslarga qatnashmaydigan o‘quvchilarni ta’limga jalb qilish maqsadida IIB hamda tegishli tashkilotlarga hech qanday ma’lumot taqdim etilmagan.
Gapni qisqa qilamiz. Mazkur ta’lim muassasasida bugungi kunda 2 nafar oliy, 11 nafar 1-toifali, malakali o‘qituvchilar ta’lim berib keladi. Bu ko‘rsatkich Samarqand tumanidagi boshqa maktablarda kamdan-kam uchraydigan holat. Afsuski, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarini bunday deya olmaymiz. Bunga tuman xalq ta’limi mutasaddilari nima der ekan?

2015-2022 © GOVERNMENT OF DISTRICT. Maked by: SAKTRM