Samarqand qog‘ozi va baxshichilik an’analarining siri nimada?

Samarqand, deyilganda eng avvalo Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi va boshqa tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar ko‘z oldimizga keladi. Bu nafaqat O‘zbekiston xalqining, balki insoniyatning bebaho madaniy merosidir va xalqaro miqyosda asrab-avaylanmoqda.

Keyin uning musaffo havosi, zilol suvlari-yu ta’mi takrorlanmas mevalari, quyoshdek taftli nonlarini tasavvur qilamiz. Shu tarzda Samarqandgagina xos bo‘lgan arxitektura, o‘ziga xos tabiat, sharqona bozor va savdo-sotiq, odamlarning turmush tarzi va urf-odatlari, an’analari tasavvurimizni boyitadi. Bu – nomoddiy merosimiz va unga ham keyingi paytda alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu o‘rinda Samarqandning nomoddiy merosi haqida gap ketganda albatta, qadimiy usulda tayyorlanayotgan qog‘oz va baxshichilik an’analari tilga olinadi.

“Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddin chiqadi”

Zahiriddin Muhammad Bobur bundan 500 yil ilgari Samarqand qog‘oziga ana shunday ta’rif bergan. Buyuk bobomiz “Boburnoma” asarida “Juvozi qog‘ozlar suyi tomon Konigildin keladur, Konigil Siyob yoqosidadurkim, bu suvni Obi rahmat ham der edilar” deb yozgan. Biz shu paytgacha faqat shu ma’lumot bilan faxrlanib kelardik. Eng yaxshi qog‘oz Samarqandda tayyorlangan, ajdodlarimiz usta hunarmand, ma’rifatparvar bo‘lgan, deb ko‘krak kerardik. Lekin hech kim “keyin-chi, keyin o‘sha qog‘ozlar necha chiqmay qolgan? Nahotki, bu ishni davom ettirganlar yoki ettiradiganlar bo‘lmagan”, deb o‘ylab ko‘rmagan. O‘ylab ko‘rgandir, lekin savollarga javob topmagan.

Usta hunarmand Zarif Muxtorovga ham ana shu savollar tinchlik bermagach, Samarqand tumani Konigil qishlog‘ida “Konigil meros” xususiy korxonasini tashkil etdi. Bu manzildan ajdodlarimiz izlarini izladi, Siyob arig‘i yoqasidagi tarixiy kitoblardagina qolgan tegirmonlarni qayta tiklashga kirishdi. Bundan ko‘pchilik ajablandi, yana kimlardir kuldi, ayrimlar esa behudaga urinmaslikni maslahat berdi. Zarif aka esa bu gaplarga parvo qilmay o‘z bilganidan qolmadi va to‘g‘riyam qildi.

– Bobur Mirzo Konigil qishlog‘ida Siyob arig‘i yoqasida suv bilan harakatnadigan 400 ga yaqin tegirmon bo‘lgani va ular orqali un, sovun, yog‘, sholi tayyorlangani, sifatli qog‘oz ishlab chiqarilganini yozgan, – deydi “Kongil meros” xususiy korxonasi rahbari Zarif Muxtorov. – Biz qishloqda ana shu tegirmonlarni qayta tiklashga ahd qildik. 2018 yilda faoliyat boshlab, suv tegirmoni tashkil etdik va qadimiy Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarishga qo‘l urdik. Tarixdan ma’lumki, dunyoning turli mintaqalarida qadimdan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi bo‘lgan. Misrda papirusdan tayyorlangan qog‘ozlar, sharqda xitoy va yapon qog‘ozlari bunga misol bo‘la oladi. Samarqand ipak qog‘ozi esa o‘zining umrboqiyligi, silliqligi, har ikki tomoniga ham yozish mumkinligi, suvda ivimasligi bilan shuhrat qozongan. Biz ana shu an’anani tiklashga harakat qildik va bu ish muvaffaqiyatli chiqdi. Bizning qog‘ozimiz xom ashyosi tut novdalari po‘stlog‘i. Uni ajratib olib, qaynatgach, tegirmonda tola bo‘lguncha yanchamiz. Keyin maxsus idishda suv bilan aralashtirib, maxsus qoliplarda turli hajm va qalinlikda qog‘oz qilamiz. Yana bir necha bosqichlarida ishlov berilganidan so‘ng, tayyor holatga keladi. Bu jarayonlarning hammasi qo‘lda bajariladi. Hech qanday texnologiya, texnik uskunadan foydalanmaymiz. Faqat har bir jarayonni o‘z vaqtida, sifatli, to‘g‘ri va mehr bilan bajarishga harakat qilamiz.

Zarif aka bu hunar bilan shug‘ullanishni o‘zi, oila a’zolari bilan boshlagandi. Qadimiy Samarqand qog‘ozini tayyorlash jarayonini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istagan xorijlik sayyohlar ko‘paygach, Zarif aka yoniga shogirdlar oldi, yoshlarga ham bu hunar sirlarini o‘rgata boshladi. Dastlab korxonada faqat qog‘oz tayyorlangan bo‘lsa, keyinchalik turli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Hozirda kuniga 100-110 dona turli hajm, zichlik va ranglardagi qog‘oz tayyorlanishi bilan birga, yon daftarcha, hamyon, taklifxona va boshqa esdalik sovg‘alari, kichik yo‘l xaltalari (sumka) singari 50 dan ortiq buyum va mahsulotlar tayyorlanmoqda. Aynan shu qog‘ozda samarqandlik hunarmandlar tomonidan miniatyuralar chizilmoqda, kashta va so‘zanalar tikilayotir.

– Keyingi paytda yurtimizda turizm sohasini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilayotgani natijasida Konigil “turizm qishlog‘i”ga aylantirildi – deydi Z.Muxtorov. – Siyob arig‘i atrofida ellikka yaqin hunarmandchilik ustaxonalari tashkil etildi. Un tegirmoni, sholini oqlash tegirmoni ishlayapti. Sayyohlar ularning faoliyati bilan tanishish barobarida ulardan chiqqan mahsulotlardan tayyorlangan milliy taomlarni tatib ko‘rishlari, bu taomlarni tayyorlash jarayonlarini kuzatishlari mumkin. Masalan, Konigilda yetishtirilgan guruch shu yerdagi tegirmonda tozalanib, palov tayyorlanadi. Shuningdek, sayyohlar Samarqand qog‘ozini tayyorlash va un tegirmoni oldida non pishirish jarayonlarini kuzatmoqda, qadimiy loy suvoqli uylarda o‘tirib, o‘zlari pishirgan non va tayyorlagan oshni tanovul qilyaptilar.

Turizm qishlog‘i va Samarqand qog‘ozi bilan nom taratgan Konigilning infratuzilmasi bugungi kunda yaxshilanib, bu yer yanada ko‘rkamlashmoqda. Qishloqda madaniy-ko‘ngilochar dasturlar tashkil etish uchun imkoniyat yaratilmoqda, binolarning tarixiy qiyofasi tiklanyapti. Mehmon-uylar, ovqatlanish shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilyapti. Sayyohlarning tabiat qo‘ynida dam olishlari, sayr qilishlari uchun Siyob arig‘i atrofida piyodalar yo‘lagi, dam olish maskanlari tashkil etilgan.

Milliy an’analar jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi

Chanqovuzning ovozasin eshitgan bir to‘da bolalar qirga qarab yugurdi. Baxshilarning do‘mbirani sayratib, “Alpomish” dan aytgan termalarini eshitgan 5-6 yoshlardagi bolakay xursandchiligidan bor kuchi bilan chin dildan qarsak chala boshladi. Bu yosh avlodning o‘zligiga bo‘lgan tashnaligi, milliy ruhga kuchli ehtiyojining isboti.

Samarqandda baxshichilik san’atining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Po‘lkan shoir, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li merosi, baxshichilik an’analari bugungi avlod tomonidan davom ettirib kelinmoqda. Jumladan, ayni paytda mazkur yo‘nalishda samarali ijod qilib kelayotgan baxshilar Nurobod tumanida ham ko‘p.

Nurobod baxshi-oqinlari haqida gap ketganda bugun shoir Shavkat baxshi Bobomurod birinchi bo‘lib tilga olinadi. O‘n yoshidan she’r mashq qilishni boshlagan Shavkat baxshi bugungi kungacha bir nechta she’riy to‘plamlar bilan birga baxshichilik yo‘nalishidagi “Sohibqiron Temurbek” dostonini yaratdi. Ayni paytda oqin Jaloliddin Manguberdi, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldoshlarga bag‘ishlangan dostonlarni yaratish ustida ijod bilan band.

Nurobodlik baxshi-oqinlar orasida bugun ham samarali faoliyat yuritib kelayotgan Sayim baxshi Ergashev, Abdualim baxshi Bekmurodov, Ilyos baxshi Mamayevlarni ham alohida e’tirof etib o‘tish joiz.

– Bugungi kunda tumanimizda baxshichilikka bo‘lgan qiziqish ancha yuqori, – deydi Nurobod tuman hokimligi madaniyat bo‘limi mudiri Elmurod O‘sarov. – Shu bois, ota-bobolaridan meros qolgan san’atni munosib davom ettirib kelayotgan Sayim baxshi, Abdualim baxshi, Ilyos baxshilarni tumanimiz yoshlariga o‘z mahoratlarini o‘rgatishi, uqtirish uchun yetarli sharoitlar yaratilmoqda. Misol uchun, olis Tim qishlog‘ida joylashgan 5-son Tim madaniyat markazida mehnat qilib kelayotgan Sayim baxshi baxshichilik to‘garagida o‘ndan ortiq mahalliy yoshlarga baxshichilik sirlarini, otasi Mamay baxshidan o‘rgan do‘mbira chalish mahoratini o‘rgatib kelmoqda. 2-son Jom madaniyat markazida ham baxshichilik to‘garagi faoliyat yuritmoqda. To‘garakka mashhur baxshilarimizdan Abdualim baxshi Bekmurodov rahbarlik qilmoqda. Ushbu to‘garakda ham o‘nga yaqin yoshlar baxshichilik sirlarini o‘rganib, tumanimiz miyoqsidagi turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarda kichik termalarni kuylab, xalqimizni nomoddiy merosimizdan bahramand etib kelmoqda. 18-Bolalar musiqa va san’at maktabida ham baxshichilik yo‘nalishda to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Unda yosh baxshi-oqinimiz Ilyos baxshi Mamayev yoshlarga ushbu san’at sirlarini o‘rgatib kelmoqda.

Umuman olganda, nurobodlik yoshlar orasida baxshichilik, xalq og‘zaki ijodiga, milliy urf-odat va an’analarimizga bo‘lgan qiziqish juda yuqori. Shu bois, baxshichilik bilan birga xalq og‘zaki ijodi namunalarini bardavomligini ta’minlash maqsadida madaniyat markazlarida folklor ansambllar tashkil etilibb, mahalliy aholi orasidan iste’dodli yurtdoshlarimizni jalb qilgan holda elimizga xos urf-odatlari, kuy-qo‘shiqlari tiklanmoqda.

Ayni paytda tumandagi 1-son markaziy madaniyat markazida “Nurobod chashmasi” nomli folklor ansambli faoliyat yuritmoqda. Ushbu ansambl a’zosi Rohat aya Mo‘minova el orasida unut bo‘layotgan chanqovuz chalishni yoshlarga o‘rgatmoqda. Joriy yilda 2-son Jom madaniyat markazida ham folklor yo‘nalishdagi ansamblni qayta tiklash rejalashtirilgan.

Bugun Nurobod dashtliklari yashil libos kiymoqda. Odamlar dalaga oshiqmoqda. Olis-olislardan do‘mbira va baxshining shirali ovozi, chanqovuzning sehrli sadosi quloqqa chalinadi.

Gʻ.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA

2015-2022 © GOVERNMENT OF DISTRICT. Maked by: SAKTRM