Samarqand tumani hokimi Sirojiddin Usmanovning Navro‘z bayrami munosabati bilan tabrik so‘zi

Qadrli Samarqand tumani ahli!
Ona diyorimizga, barchamiz orziqib kutgan, yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam kirib keldi.
Ana shu ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil bilan yurtdoshlarimizni, Samarqand tumani fuqarolarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bunday qutlug‘ kunda siz azizlarga, sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilab qolaman.
Hurmatli fuqarolar!
Navro‘z bayrami barcha mahallalarimizda, umumxalq sayillari tarzida o‘tayotgani, unga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishlamoqda. Pandemiya davrida milliy an’ana va qadriyatlarimiz, marosim va urf-odatlarimizni o‘zida mujassam etgan bayramimizni nishonlay olmadik. Bugun esa fuqarolarimizning bu qutlug‘ kunni qanchalik orziqib kutgani ularning chehralarida nomoyon bo‘lmoqda.
Navro‘z ruhi, uning falsafasi “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya va maqsadlar bilan uyg‘un va hamohang ravishda namoyon bo‘lmoqda.
Yurtimizdagi barcha insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bog‘ va maydonlarda Navro‘z bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar. Shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda.
O‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, tumanimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda.
Qadrli do‘stlar!
Bugun fidoyi dehqon va fermerlarimiz katta orzu-umid bilan yangi mavsumni boshlamoqdalar. Barchamiz ularni chin dildan tabriklab, yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, deb eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.
Navro‘zi olam Vatanimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun, butun xalqimiz uchun eng suyukli bayramdir.
Shu boisdan barchangizni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

2015-2024 © GOVERNMENT OF DISTRICT. Maked by: SAKTRM