Samarqand tumani hokimligi huzurida tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashi tuzildi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama rag‘batlantirish, eksport faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalar hamda xorijiy investorlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida tuman hokimligi tomonidan an’anaviy tarzda “Tadbirkorlar qabuli” o‘tkazilib borilmoqda.
Bugun tuman hokimligi tomonidan davlat xizmatlari markazida ana shunday qabulning navbatdagisi o‘tkazildi.
Qabulda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishda ayrim qiyinchiliklarga duch kelayotgan fuqarolar muammolarini hal etish, shu bilan birga, tuman iqtisodiy ko‘rsatkichlari va o‘sish darajasini tubdan ko‘tarishga alohida e’tibor qaratildi.


Tadbir davomida hududlarda ishsizlik darajasini kamaytirish, ehtiyojmand oilalar qatlamiga broyler tovuqlarini yetkazib berish orqali kambag‘allikdan chiqarish, o‘zini-o‘zi ish bilan band qilishini ta’minlashda parrandachilik kooperasiyasini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etildi. Shuningdek, kelgusida tumanning iqtisodiy salohiyatini ko‘tarish va tadbirkorlik qatlamini rivojlantirish yo‘lida vujudga keladigan muammo va takliflarni hal etib borish yuzasidan Samarqand tumani hokimligi huzurida tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashi tuzildi.
Mazkur kengashga jamoatchilik raisi etib tumanda faoliyat yuritib kelayotgan, o‘z salohiyatiga, ko‘nikma va tajribasiga ega bo‘lgan tadbirkorlardan biri, “Kelajak press” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Akbar Mahmudov tayinlandi. Tadbirda tadbirkorlar maslahat jamoatchilik kengashining ishlash faoliyati va kelgusidagi vazifalari belgilab olindi.
Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish va ularga huquqiy hamda amaliy yordam berish, aholiga yetarlicha ko‘maklashishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.

2015-2024 © GOVERNMENT OF DISTRICT. Maked by: SAKTRM