Oila, maktab va mahalla hamkorligi. Buning qizlar tarbiyasidagi ahamiyati qanday?

Samarqand tumani hokimining maslahatchisi Zulfiya Rafiyeva ishtirokida o‘tgan matbuot anjumani shunday nomlandi.

Qayd etilganidek, o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash xalqimizning azaliy orzusi bo‘lib, farzandlarni ma’naviy-axloqiy milliy madaniy, tarixiy an’analariga hamda umumbashariy qadriyatlarga asoslanib, zamonaviy shaxsni shakllantirish ota-onalar, maktab, mahallalarning oldida turgan eng asosiy ma’suliyatli vazifalardan sanaladi.

Milliy mafkuramiz va qadriyatlarimiz xalqimizning maqsad muddaolarini ifodalaydi. Farzandlar oila timsolida jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini ko‘radi, jamiyat talablari mohiyatini ilk bora shu kichik jamoada anglaydi. Ular ongiga dastlabki ma’naviy-axloqiy bilimlarni singdirishda oilaning, ayniqsa, ta’lim-tarbiya muassasalarining o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’lim-tarbiya muassasalari, oila va mahalla qo‘mitalari ijtimoiy institutlarning asosiy vazifasi milliy istiqlol g‘oyasini barcha yoshlarimiz ma’naviy boyligiga aylanishiga, ularning dunyoqarashiga singdirishda ko‘maklashish, mazmun-mohiyatini har tomonlama tushuntirishdan iborat.

Bolalarga ta’lim-tarbiya berishda ta’lim muassasalari pedagoglarining asosiy vazifalari «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» va «Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy davlat dasturi»da belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi davlatimizning farzandlar baxtli kelajagi yo‘lidagi g‘amxo‘rligining amaliy ifodasidir.

Samarqand tumanida ham bu borada qator ishlar olib borilmoqda. Maktablarda targ‘ibot ishlari keng yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, mahallalarda ota-onalar bilan uchrashuvlar o‘z samarasini bermoqda.

Albatta farzand tarbiyasi ko‘p omillar, avvalo, oiladagi axloqiy-ma’naviy muhitga bog‘liq. Ta’lim-tarbiya muassasalari bilan oila hamkorligi bunda muhim ahamiyat kasb etadi. Oila, mahalla, maktab hamkorligining asosiy omili oilada sog‘lom muhitni yaratish, sog‘lom turmush tarzini yuritish, farzandlar uchun ota-ona har tomonlama o‘rnak bo‘lishi, farzandlarning oilaviy qadriyatlarga, Ona yurtiga muhabbatni shakllantirish, bilimlar asoslarini berish, ma’rifatli va ma’naviyatli shaxs sifatida voyaga yetishlarini ta’minlash, bolalarning ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom bo‘lishlari uchun iqtisodiy va ijtimoiy muhitni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ota-onalarning yetarli darajada bilim va ko‘nikmalarga egaligi mustahkam oila va unda sog‘lom, har tomonlama barkamol farzandlar voyaga yetishi kafolati hisoblanadi.

Shu maqsadda mahallalar qoshidagi yoshlar va voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi, ota-onalar va pedagog xodimlar bilan har oyda tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etilishi ham yaxshi samara beradi. Bundan tashqari, komissiya a’zolari Internet kafe va kompyuter o‘yinxonalarida vaqt o‘tkazib, dars qoldirayotgan o‘quvchilarning ota-onalari bilan suhbatlashishlari ham muhim ahamiyatga molik. Mahalla guzarlarida o‘smir bolalarning bo‘sh vaqtlarini turli to‘garaklar bilan band etish ham yaxshi samara beradi. Mahallalarda olib boriladigan mazkur tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘sib kelayotgan avlodni kamolga yetkazish, oila-mahalla-maktab hamkorligini ta’minlash va yanada kuchaytirishdan iborat.

Anjumanda shu va boshqa masalalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

2015-2024 © Samarqand tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM