Jurnalistlar Samarqand tumanidagi huquq-tartibot maskaniga bordi

Samarqand tumani Qo‘shtamg‘ali mahallasidagi 64-huquq-tartibot maskanida tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari maskanda profilaktika nozirlari faoliyati, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.

Tadbirda viloyat va tuman IIB HPB mas’ul xodimlari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.

- Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida “Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari bosqichma-bosqich tashkil etilishi, ushbu maskanda mahalla huquq-tartibot maskani hududdagi jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy quyi bo‘g‘ini hisoblanishi belgilangan, - deydi viloyat IIB HPB boshlig‘i o‘rinbosari F.Sattorov. – Ushbu farmon asosida viloyatimizda birinchi bo‘lib 2021 yilda Urgut tumani Mergancha mahallasida namunaviy markaz tashkil etildi. Bu hududda jinoyatchilik soni oshgani sabab aynan bozor hududida tashkil qilingan profilaktika markazida samarali ishlar olib borildi, natijada jinoyatchilik keskin kamaydi. Aytish mumkinki, bu tajriba o‘zini to‘la oqladi.

Joriy yilda Samarqand tumani Qo‘shtamg‘ali mahalla markazida ana shunday huquq-tartibot maskani tashkil etildi. Bu esa ma’muriy ishlar masofaviy tarzda o‘tkazilishi, profilaktika inspektorlarining xizmat olib borayotgan mahalla hududidan chiqmasdan faoliyat olib borishiga imkon yaratdi.
Maskanda profilaktika inspektori, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchi, xotin-qizlar masalalari buyicha inspektor, probasiya bo‘linmasi inspektori, tezkor vakil, patrul-post xizmati xodimlari, jamoat tartibini saqlashda ko‘maklashish uchun biriktirilgan milliy gvardiya xodimi samarali faoliyat yuritishlari uchun maxsus jihozlangan xonalar bilan ta’minlandi.

- Maskanda hatto onlayn sudlar tashkil etyapmiz, - deydi mahalla profilaktika inspektori Safarmurod Qilichev. – Joriy yilning shu davrigacha 8 ta shunday sudlar o‘tkazildi. Bu holatda fuqaro sudga bormaydi, ma’lum bir vaqt belgilanib, shu yerga chaqiriladi va onlayn sud tashkil etiladi. Bu yerda jamoatchilik kengashi tashkil qilingan bo‘lib, shu davrgacha ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan 397 nafar shaxslar javobgarlikdan ozod qilindi.

Press-tur ishtirokchilari tadbir davomida onlayn sud, migrasiya xodimining fuqarolik pasportini topshirishi va jabrlangan ayolga himoya orderini berish jarayonlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri guvohi bo‘ldi.

Ta’kidlash lozimki, bu maskanlar huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda Samarqand tajribasi sifatida respublika miqyosida amaliyotga joriy etilishi nazarda tutilgan.

2015-2022 © Samarqand tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM