Soliqchi – soliq to‘lovchining hamkori

Mamlakatimizda tadbirkorlik subektlari hamda xususiy tadbirkorlar har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularga mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning qudratli kuchi sifatida alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida Samarqand tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan ham bir qator tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.


Jumladan, soha xodimlari “Gulobod yog‘och” ma’suliyati cheklangan jamiyatiga qarashli qurilish materiallari bozorida bo‘lib, bir qancha tadbirkorlik subektlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi PQ-104-son qaroriga asosan 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona xizmatlari, avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashish, transport vositalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani ta’mirlash, agro va veterinariya xizmatlarini ko‘rsatuvchi hamda ko‘ngilochar maskanlarda xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilangani to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda shuningdek, tuman davlat soliq inspeksiyasining “Tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash” sho‘basi xodimlari tomonidan ushbu imtiyozlarni qo‘llash hamda 2022-yilda soliq sohasidagi boshqa o‘zgarishlar, soliq stavkalari, soliq imtiyozlari va uni qo‘llash borasida keng tushuntirish ishlari olib borildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar tomonidan berilgan “E-aktiv” AAT bo‘yicha, “E-ijara” AAT, “E-imtiyoz” AATlardan qanday foydalanish to‘g‘risidagi savollariga atroflicha javob qaytarildi.

2015-2024 © Хокимият Самаркандского района. Разработан в: SAKTRM