50 gektarlik uzumzor bir sutkada sug‘oriladi

 

Bundan 4-5 yil avval bu yumushni bajarishga oylab vaqt sarflanardi. Navbat kutish, ortiqcha elektr energiyasi, ishchi kuchi, isrofgarchilik. Tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgach, hammasi ortda qoldi.

Bu gaplar bugun Samarqand tumanida o‘tkazilgan press-turda takror-takror aytildi. Tadbirda OAV vakillari tumandagi uzumchilik bilan shug‘ullanuvchi ayrim fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdi. 

Navobod mahallasida Umarqul Hamroqulov rahbarlik qiladigan fermer xo‘jaligi yer maydonining 40 gektarida uzumning kishmish, toifi, rizamat, mers va boshqa 10 ga navlari yetishtiriladi. Bu yerda gektaridan 20 tonnagacha hosil olinib, yiliga o‘rtacha 250-300 tonna uzum Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinyapti. Toklar asosan voyish usulida, tomchilatib sug‘orish yo‘li bilan parvarishlanyapti. 

Tumandagi “Azizov Qurbon” fermer xo‘jaligining 51 gektar yer maydonida uzumzor tashkil etilgan. 

- Umumiy yer maydonimiz 129 gektar, - deydi fermer xo‘jalik raisi Jamshid Azizov. – Bu yerda g‘alla, sabzavot mahsulotlari, uzum, shaftoli yetishtiryapmiz. 3-4 yil avval 51 gektarlik uzumzorimizni sug‘orish uchun bir yarim oy vaqt ketardi. Bu hosilning pasayishiga ham sabab bo‘lardi. Tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan Shuncha maydonni bir sutkada sug‘orish imkoniyati paydo bo‘ldi. Avval bir gektaridan 15 tonna hosil olgan bo‘lsa, endilikda 25-30 tonnagacha olyapmiz.

Tumanning 3776 gektar yer maydonida tokzor mavjud bo‘lib, bu yil 42 ming 916 tonna hosil olish rejalashtirilgan.      

To‘lqin SIDDIQOV.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM