Fuqarolik kodeksida o‘zgarish bor

Bu taraflar uchun, o‘z navbatida sudyalarga ham manfaatli

Jamiyat hayoti azaldan shunday yaratilgan – taraflar o‘rtasida qarashlarning farq qilishi yoki boshqa omillar sabab turli masalalarda tortishuv yuzaga keladi. Bunday vaziyatda aksar hollarda ish sudgacha borib yetadi.

Sud jarayonlarining uzoq muddat davom etishi kishilar uchun noqulayliklar tug‘dirishi turgan gap. Ayni shu jihatdan “Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Zotan, qonun bilan fuqarolik ishlarini ko‘rishning yangi tartib-taomillari belgilandi.

Qanday o‘zgarish bor?

Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga soddalashtirilgan tartibda ish yuritish instituti, ya’ni “Soddalashtirilgan tartibda ish yuritish” deb nomlangan yangi 25-1-bob kiritildi.

Unda soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ishlar, ularni ko‘rib chiqish tartibi va o‘ziga xos xususiyatlar, shuningdek, soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ish bo‘yicha da’vo arizasiga doir talablar belgilangan.

Endilikda da’voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan 10 baravaridan, jismoniy shaxslarga nisbatan esa 5 baravaridan oshmasa, ishlar soddalashtirilgan tartibida ko‘rib chiqiladi.

Agar da’vogarning arizasi va javobgarning roziligi bo‘lsa, da’vo talabi yuqoridagi miqdorlardan ko‘p bo‘lgan hollarda ham ish soddalashtirilgan tartibda ko‘rilishi mumkin.

Yangilikning ahamiyati nimada?

Soddalashtirilgan tartibida ish ajrim chiqarilgan kundan 20 kundan oshmagan muddatda yakka tartibda ko‘rib chiqiladi. Boshqacha aytganda, da’voning qiymati kamroq bo‘lgan ishlar qisqa, ya’ni ish qo‘zg‘atilgan kundan boshlab yigirma kundan oshmagan muddatda ko‘rib tamomlanadi. Bu o‘z navbatida taraflarning sud ishlariga sarflaydigan vaqti tejalishi, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Negaki, belgilangan muddat sudya tomonidan uzaytirilmaydi.

Bundan tashqari, soddalashtirilgan tartibda ish sudya tomonidan yakka tartibda - sud majlisi o‘tkazilmasdan ko‘rib chiqiladi. Ya’ni, ishni ko‘rib chiqishda taraflar chaqirtirilmaydi va ularning tushuntirishlari eshitilmaydi. Lekin sud taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda bayon qilingan tushuntirishlarni, e’tirozlarni va (yoki) vajlarni tekshiradi, dalillar bilan tanishadi hamda hal qiluv qarorini qabul qiladi.

Ko‘rinib turibdiki, yangi tartibda da’vogar va javobgar sud protsessini kutishlariga zarurat qolmaydi.

Javobgarning himoya huquqi yo‘qmi?

Yangi tartibga ko‘ra, arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi, unda ish soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rilishini hamda ish ko‘rib chiqiladigan sanani ko‘rsatadi.

Sud ajrim bilan bir vaqtda da’vogarga da’vo arizasining (arizaning) ko‘chirma nusxasini va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini darhol pochta orqali elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali yuboradi.

Ya’ni, javobgarga da’vo yuzasidan o‘zining yozma fikrini sudga yuborish imkoniyati yaratiladi. Soddalashtirilgan tartibida ko‘rilayotgan ishlarda javobgar da’vo arizasiga doir yozma fikrini sudga o‘zi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli ekanligi ish biryoqlama ko‘rilishining oldini oladi.

Taraflardan biri norozi bo‘lsa-chi?

Soddalashtirilgan tartibda ko‘rilgan ishlar yuzasidan sudning hal qiluv qaroriga 10 kun muddat ichida apellyasiya shikoyati (protest) berilishi mumkin. Agar apellyasiya shikoyati (protesti) berilmagan bo‘lsa, sud qarori qabul qilinganidan keyin 10 kun ichida qonuniy kuchga kiradi.

Yangi tartib sudyalarning murakkab toifadagi ishlarga ko‘proq vaqt ajratishiga zamin yaratadi. Qolaversa, ishlarni sifatli ko‘rib, har tomonlama asosli, qonuniy va adolatli qaror qabul qilishiga xizmat qiladi.

Yulduz MUHAMMADIYEVA,

Fukarolik ishlari buyicha Samarkand shaxar sudining sudyasi

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM