Talabalar ham ishlashi mumkinmi?

Talabalarda “Talabalik davrimda biror joyda rasmiy ravishda ishlashga huquqim bormi, ushbu huquqimni qonuniy amalga oshirish tartibi qanday" degan savollar tez-tez uchrab turadi. Bugungi quyidagi malumotkardan aynan shu savolga javob olishingiz mumkin.

Ma’lumki, bugungi kunda talabalar orasida ham o‘qib, ham ishlab o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlaydigan, kerak bo‘lsa, oila a’zolariga ham moddiy jihatdan ko‘mak berib turadiganlari bor.

Bosh Qonunimizga ko‘ra, mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash - har bir shaxsning konstitusion huquqidir.

Bu huquqni amalga oshirish mexanzimlari esa O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan.

Binobarin, Mehnat kodeksining 77-moddasiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan har bir shaxs mehnat qilish huquqiga ega, 15 yoshdan esa yoshlarni sog‘lig‘iga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizomning 50-bandiga muvofiq kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida kunning ikkinchi yarmida oliy o‘quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkin. Bundan kunning ikkinchi yarmida o‘qiydigan talabalar ishlay olmaydi, degan qoida kelib chiqmasligi kerak. Bu toifa talabalar ham o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlashlari, ya’ni daromad topishlari mumkin.

Bundan kelib chiqadiki, talabalar bemalol ishlashlari mumkin. Lekin mehnat qonunchiligi talabiga ko‘ra, talaba faqat ta’limdan bo‘sh vaqtidagina ishlash huquqiga ega.

Yaqinda qabul qilingan qilingan hukumatimiz qarori bilan talabalar uchun yana bir imkoniyat yaratildi.

Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 oktyabrdagi "Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga malakali o‘qituvchi-pedagoglarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 646-son qarorida pedagogika yo‘nalishlarida kunduzgi kechki, sirtqi bo‘limlarining 3-kursida tahsil olayotgan talabalarga mutaxassisligi bo‘yicha maktablarda dars berish huquqi berildiki, ilgari bunday huquqqa talabalar faqat 4-kurs bo‘lganlaridagina erishardi.

Talablarimizni ish vaqti qanday bo‘lishi ham qiziqtirishi, tabiiydir.

Mehnat kodeksining 115-moddasida belgilangan umumiy qoidaga ko‘ra xodimning ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak,  ya’ni 6 kunlik ish haftasi joriy etilgan tashkilotlarda ish vaqti kunlik 7 soat, 5 kunlik ish haftasi joriy etilganlarda esa ish vaqti kunlik 8 soatdan ortiq bo‘lmasligi shart, shuningdek, 128-moddasida ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati 12 soatdan kam bo‘lishi mumkin emas.

Agar yuqoridagi qonun talablariga rioya etilsa, talabaning to‘liq stavka ishlashiga hech qanday taqiq mavjud emas. Agar talaba 15-16 yosh bo‘lsa, haftasiga 24 soat, 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki I va II guruh nogironi bo‘lsa, mehnatga haq to‘lash kamaytirilmagan holda ish vaqtining haftasiga 36 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan ish haftasi belgilanadi, 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan talaba qizlarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi, ularning mehnat haqi kamaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ba’zi paytlarda, talablarda talaba faqat o‘rindoshlik asosida ishlaydimi yoki to‘liq 1 stavka ishlasa ham bo‘ladimi, degan savol ham tug‘iladi.

Haqiqatan ham, ayrim ish beruvchilar talabalarni faqat o‘rindoshlik asosida ishga olish kerak, chunki talabaning o‘qish joyi uning asosiy ish joyi, deb hisoblashadi.

Bu noto‘g‘ri, sababi O‘zbkiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-sonli qarori bilan tasdiqlangan o‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, o‘rindoshlik asosida ishlash - xodimning o‘zining asosiy ishini bajarishidan tashqari asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishi hisoblanadi. Talabaning ta’lim olish jarayoni esa mehnat faoliyati hisoblanmaydi. Demak, talaba mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan va mehnat daftarchasi yuritilayotgan joy - uning asosiy ish joyi hisoblanadi.

Yana bir bor ta’kidlab o‘tamizki, qonunchilikda talabaning to‘liq stavka ishlashiga hech qanday taqiq mavjud emas. Bunda faqat bir shartga rioya etilishi kerak: ish o‘qishdan bo‘sh vaqtda bajarilishi shart. Ushbu talabni ish beruvchi bilan talaba o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomasida mustaHkamlash lozim.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan mehnat qonunchiligidagi talablarga rioya qilgan holda talaba o‘qishdan bo‘sh vaqti asosiy ish joyidan tashqari, boshqa tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ham ishlashi mumkin. Buning uchun esa o‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan joyga asosiy ish joyidan ma’lumotnoma taqdim qilinadi. Bunda bitta istisno bor, agar talaba 18 yoshga to‘lmagan shaxs bo‘lsa, o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadi.

 R.O‘LMASOV,

tuman adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM