Tungi reyd vaqtida ma’muriy javobgarlikka tortilganlar bor

Samarqand tumanidagi Sulfakabutak, Ko‘saho hamda Gulobod mahallalarida joylashgan kompyuter zallarida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida ayrim fuqarolarni ma’muriy javobgarlikka tortish choralari ham ko‘rildi. 
Tuman hokimligi bolalarni himoya qilish sho‘ba mudiri, ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda dastlab, Sulfakabutak mahallasida joylashgan kompyuter zali ko‘zdan kechirildi. Unda ota-onasidan biri yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning kuzatuvisiz yurgan voyaga yetmagan J.Sh borligi aniqlandi. Uning ota-onasiga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rilishi belgilandi.


Voyaga yetmaganlarning bu kabi muassasalarda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish esa O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1882-moddasiga asosan, tegishli chora belgilab qo‘yilgan. Binobarn: restoranlar, kafelar, barlar, klublar, diskotekalar, kinoteatrlar, kompyuter zallari, Internet tarmog‘idan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalar yoki boshqa ko‘ngil ochish (dam olish) joylarining rahbarlari yoxud boshqa mas’ul shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning tungi vaqtda ota-onasidan biri yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning kuzatuvisiz ko‘rsatilgan muassasalarda bo‘lishiga yo‘l qo‘yish - bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.


Aynan shu moddaga asoslanib, mazkur kompyuter zali rahbari Y.Mga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shuningdek, Ko‘saho va Gulobod mahallalarida o‘tkazilgan reydda ham shu kabi holatlar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Kelgusida voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish yuzasidan profilaktik suhbatlar olib borildi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM