Samarqandning qadimiy qog‘ozi: Biz bu haqda nimalarni bilamiz?

Konigil – Samarqand tumanidagi Samarqand qog‘ozi, kulolchilik, duradgorlik va boshqa hunarmandchilik an’analari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan hudud sanaladi. Bu yerga mahalliy va xorijlik sayyohlar kelib, xalqimizning qadimiy an’ana va qadriyatlari, milliy hunarmandchilik namunalari bilan tanishishadi. Jumladan, tarixiy Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish jarayonlari, konigillik kulollarning ishi sayyohlarni o‘ziga rom etib, ularni bu manzilga chorlayveradi.

 

Quyida sizlarni Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishtiramiz.

Ta’kidlash lozimki, 1998 yilda samarqandlik usta hunarmand Zarif Muxtorov "Konigil meros" xususiy korxonasini tashkil etib, bu yerda keyingi bir necha asrlardan buyon unut bo‘lib kelayotgan qadimiy xayrli ishni qayta tikladi. Bu - qimmatbaho Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarish edi. Qisqa vaqt orasida bu yerdan mahalliy va xorijlik sayyohlarning qadami uzilmay qoldi. Negaki, qo‘lda, oddiy usulda qog‘oz ishlab chiqarish va undan turli mahsulotlar tayyorlash jarayoni ko‘pchilik uchun juda qiziq.

Darvoqe, «Konigil meros» xususiy korxonasi rahbari Zarif Muxtorovning bu xizmatlari davlat darajasida e’tirof etildi. Usta hunarmand va tadbirkor Prezidentimizning 2021 yil 25 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.

 

Keling, Samarqand qog‘ozi tayyorlanish jarayonini birga kuzatamiz. Avvalo, yuqorida aytganimizdek, bugun Konigil qishlog‘ida bo‘lgan kishi bu yerda qadimiy Samarqand qog‘ozi tayyorlash jarayonlariga qiziqib qoladi va beixtiyor ustalar ishi bilan tanishib boradi.

- Jahonning ko‘plab davlatlarida qadimdan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi bo‘lgan, - deydi «Konigil Meros» korxonasi rahbari Zarif Muxtorov. - Misrda papirusdan tayyorlangan qog‘ozlar, sharqda xitoy va yapon qog‘ozlari bunga misol bo‘la oladi. Samarqand ipak qog‘ozi esa o‘zining umrboqiyligi, silliqligi, har ikki tomoniga ham yozish mumkin bo‘lganligi, suvda ivimasligi bilan shuhrat qozongan. Bugungi kunda kuniga 100–110 dona turli hajm, zichlik va ranglardagi qog‘oz ishlab chiqaryapmiz.

 

Shuningdek, Samarqand qog‘ozidan kiyimlar, yo‘l xaltalari (sumka) tayyorlanyapti. Ularni yuvib, uzoq vaqt ishlatsa bo‘ladi.

Darvoqe, Samarqand qog‘ozi bilan nom taratgan Konigil qishlog‘ining infratuzilmasi bugungi kunda yaxshilanib, bu yer yanada ko‘rkamlashmoqda. Bu turizm qishlog‘ida madaniy-ko‘ngilochar dasturlar tashkil etish uchun imkoniyat yaratilmoqda, binolarning tarixiy qiyofasi tiklanyapti. Mehmon uylari, ovqatlanish shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilyapti. Mehmonlarning tabiat qo‘ynida dam olishlari hamda sayr qilishlari uchun Siyob arig‘i atrofida piyodalar yo‘lagi, dam olish maskanlari tashkil etildi.

 

Bundan tashqari, Konigil qishlog‘ida ziyorat, agro, sanoat, tibbiyot va boshqa turizm yo‘nalishlari tashkil etiladi. Shunda Samarqand qog‘ozining dovrug‘i yanada oshadi.

 

Akram Haydarov,

Baxtiyor Mustanov.

2015-2021 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM