Samarqandda “Abadiy shahar” karvonsaroyi qurilmoqda

Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali atrofida zamonaviy shaharsozlik an’analari asosida Samarqand turizm markazi bunyod etilmoqda. Ayni paytda bu maskan ulkan qurilish maydoniga aylangan.

212 gektar maydonni egallagan majmuada besh va to‘rt yulduzli 8 ta mehmonxona, yirik anjumanlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan kongress xoll, dam olish maskanlari, “Abadiy shahar” karvonsaroyi bunyod etilmoqda. Jumladan, “Abadiy shahar” karvonsaroyi xalqimizning o‘ziga xos boy milliy-madaniy merosi va qadriyatlarini namoyon etadigan maskan bo‘lishi kutilyapti.

Qadimiy Ko‘hak tepaligidan ko‘rinib turadigan yangi shaharcha kelgusida mo‘’jizalar shaharchasi, o‘tmish va bugunning timsoli bo‘ladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mazkur shaharcha loyihasi Eriell kompaniyasi boshqaruvi raisi, taniqli me’mor Baxtiyor Fozilov rahbarligida Bobur Ismoilov boshchiligidagi guruh tomonidan tayyorlandi. Bunda Samarqandning Buyuk Ipak yo‘li chorrahasi bo‘lgani, azaldan ilm-fan va madaniyat, savdo-sotiq va hunarmandchilik rivojlanganiga e’tibor qaratildi. O‘z navbatida Samarqandning dunyo sivilizatsiyasidagi o‘rni hisobga olinib, betakror loyiha ishlab chiqildi.

“Abadiy shahar”da Samarqanddagi tarixiy obidalar, ulkan minorayu gumbazlar, kulollar, zardo‘zlar, chinnipazlar, musavvirlar ustaxonalari, Samarqand qog‘ozi ishlab chiqaradigan qadimiy ustaxona, Samarqand noni va boshqa milliy taomlari tayyorlanadigan maskanlar, qadimiy gavjum bozor – barchasi namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, karvonsaroydan Xorazmning dunyoda tengi yo‘q gilamlari, Nurotayu Urgutning so‘zanachilik san’ati – qadimiy kashtalari, Qo‘qonu Marg‘ilonning yog‘och o‘ymakorligi san’ati namunalari o‘rin oladi.

Bu loyihani amalga oshirishga samarqandlik 300 ga yaqin usta-me’morlar jalb qilindi. Ularning ko‘pchiligi – ganchkor, yog‘och o‘ymakori, kulol, toshtarosh ustalar tarqalib, ko‘pchiligi ishsiz qiynalib yurgandi. Mana shu loyiha ularning boshini yana birlashtirdi. O‘zbekiston Qahramoni Mirumar Asadov,  O‘zbekiston xalq ustalari Saidali Mirzayev, Nasrullo Sohibnazarov, Mirjalol Asadovning farzandlari, avlodlari va shogirdlari, boshqa ustazodalar shu yerda mehnat qilmoqda.

Loyihada ko‘rsatilganidan-da boy manzara namoyon bo‘lmoqda. Bu yerda qadim Sharq naqqoshlik san’ati o‘n bitta yo‘nalishda, jumladan, ganchkorlik, yog‘och o‘ymakorligi, marmar naqqoshligi, toshtaroshlik san’atining noyob namunalari yaratilmoqda. Keyingi yillarda yo‘qolib ketayotgan mayolika, mazolika tiklanib, yangicha koshinkorlik san’ati yaratilmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, qadimiy mayolika san’ati qayta jilo topmoqda. Taniqli ganchkor Mirumar Asadovdan keyin marmar-koshinkorligi, muqarnas san’ati deyarli yo‘qolgandi. Bu yerda ushbu an’ana asosida marmardan muqarnas yaratilayotir. Tohir Bagirov boshchiligida marmar o‘ymakorligi san’ati davom ettirilmoqda.

Mohir usta Abduvali Nabiyev shogirdlari bilan ana shu ishni – marmar o‘ymakorligini qaytadan tiklab, betakror uslubda koshinkorlik materiallari tayyorlab bermoqda. G‘ijduvonlik mashhur kulollar sulolasi vakili, O‘zbekiston xalq ustasi Alisher Narzullayev aka-ukalari, shogirdlari bilan shu yerda mehnat qilmoqda. Bu yerda ularning ham o‘z ustaxonalari bo‘ladi.

Koshinkorlar – Abduvali Nabiyev va Shamsiddin Amriddinov shogirdlari bilan loyihada ko‘rsatilgan kamalak ranglardagi koshinkorlik materiallarini tayyorlab berishmoqda.

Qadim shahar hayoti va madaniyatiga monand ot-aravalar, ustalar xonadonlari, kulollar, zardo‘zlar ishxonalari, temirchilik va ustachilik asboblari, ustazodalar haykallari yaratilmoqda.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov “Abadiy shahar” karvonsaroyida bajarilayotgan ishlarni ko‘rib, ustalar ishidan mamnun bo‘ldi. Ularning samarali ishlashi uchun yanada qulay sharoit, imkoniyat yaratib bermoqda.

Markaz bosh direktori O‘ktam Latipov ham katta hajmdagi qurilish-bunyodkorlik ishlariga rahbarligi barobarida har bir quruvchi-muhandis, ishchi, haydovchi-yu bog‘bonlargacha mehnat sharoiti yaratilganiga e’tibor qaratmoqda. Sement, g‘isht,  qurilish ashyolari maxsus laboratoriya ko‘rigidan o‘tgach ishlatiladi. Sifat va samaradorlik birinchi o‘rindagi masala.

Darvoqe, Samarqand turizm markazida tabiiy shifobaxsh suv otilib chiqdi. Bu yerga keladigan sayyohlar, mehmonlar tabiiy suvdan bahramand bo‘ladilar.

2015-2021 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM