Yoshlar ishlari agentligining mahalladagi vakili kim bo‘ladi?

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalla fuqarolar yig‘inlarida Yoshlar ishlari agentligining vakili lavozimi joriy etilmoqda.
Ushbu vazifaga nomzodlarni saralash uchun Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda ochiq mustaqil tanlov e’lon qildi. Talabgorlar joriy yilning 12-16 noyabr kunlari tanlovda ishtirok etish uchun o‘z hujjatlarini taqdim etdi.
Endilikda joylarda nomzodlar bilan uchrashuv va suhbatlar, o‘quv seminarlar o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbir Samarqand tumanida ham tashkil etildi. Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori Aktam Jalilov va boshqa mas’ullar Samarqand tumanidagi mahallalar uchun tavsiya etilgan nomzodlar bilan uchrashdi.
Har bir nomzod bilan suhbat olib borilib, vakilning vazifa va majburiyatlari tushuntirildi. Savol-javob, aqliy hujum tarzidagi mashg‘ulotlar orqali nomzodlarning bilim va malakasi, yoshlar bilan ishlash ko‘nikmasi sinovdan o‘tkazildi. Ularga zarur tavsiyalar berildi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM