1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

2022 yil 1 yanvardan O‘zbekiston qonunchiligida ayrim o‘zgarishlar ro‘y beradi. Quyida ularning elektron xizmatlarga bog‘liq qismlari bo‘yicha eslatma.

- Sud tizimi raqamlashtirilmoqda

Sud qarorlari taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etiladi.

Sudyalar oliy maktabiga uning rasmiy sayti orqali ariza va murojaatlar yo‘llanadi. Professor-o‘qituvchilar va tinglovchilarning elektron reytingi, shuningdek sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash doirasida va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining o‘quv jarayonini onlayn tarzda nazorat qilish tartibi joriy etiladi.

- Chet tilini bilganlik uchun - ustama

Xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha bo‘g‘inlari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha qo‘shimcha ustama tashkilotlarning budjetdan tashqari hamda ish haqi fondi doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

- Konsertga faqat NKM cheki bilan

Namoyish ob’yektlari ro‘yxatiga kiritilgan namoyish ob’yektlarida chiptalar savdosini tegishli yagona elektron tizimga integratsiya qilmagan holda amalga oshirish NKM va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzish deb baholanadi.

- Davlat xizmatchilari daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldiradi

Davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulki deklaratsiya qilinishi kerak bo‘ladi.

Davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi (xorijda ishlayotgan davlat xizmatchilari va davlat xizmatiga kirishdan oldin olingan mol-mulk bundan mustasno).

- Avtomototransport vositasini ijaraga berish shartnomasi - notarial tasdiqlashsiz

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion yo‘li bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi. Bunda elektron onlayn-auksion natijasiga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.

- Taqdim etiladigan ma’lumotlar soni kamayadi

Davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik sub’yektlaridan bir qator ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi.

- Davlat xizmatlari soni ko‘payadi

Davlat xizmatlari markazlari orqali quyidagi xizmatlar amalga oshiriladi:

- O‘zbekiston fuqarosi, respublikada doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi hamda O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish;

- jismoniy shaxslarga ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi malaka sertifikatlarini berish hamda ularni ushbu maqsadda attestatsiyadan o‘tkazish.

2015-2022 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM