Muammo, murojaat va yechim – mahalla faollari bilan o‘tgan muloqotda o‘z aksini topdi

Tuman hokimi Mironqul mahallasida mahalla faollari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda mahalliy aholini qiynab kelayotgan muammolar tinglandi.
Xususan, ayrim elektr simyog‘ochlari o‘z muddatini o‘tab bo‘lgani to‘g‘risidagi murojaatlar muloqot mavzusiga aylandi. Mahalladagi bu muammoni aniqlash, ijobiy hal etishda tegishli tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berildi. Bundan tashqari faollar tomonidan “Parrandachilik” mahalla fuqarolar yig‘ini tarkibidagi Mehrobod qishlog‘ini Mironqul mahallasi tarkibiga o‘tkazish, bunda fuqarolar fikrini o‘rganish, aholi xonadonlarining joylashuvi inobatga olish kabi takliflar bildirildi. Uchrashuvda ushbu masala ham qonun doirasida hal etilishi ma’lum qilindi.

Yangiariq mahallasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tuman hokimi dastlab, mahallaning homiylar tomonidan yangitdan ta’mirlanayotgan binosini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning sport bilan shug‘ullanishi uchun yanada qulayliklar yaratilish borasida hokim yordamchilarining takliflari tinglandi. Shundan so‘ng mazkur mahalla fuqarolari bilan muloqot tashkil etildi. Unda hududdagi 51-umumta’lim maktabining sport zali yo‘qligi bildirildi. Bu masalada ham homiylar o‘z takliflari bilan tashabbus ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Tuman hokimi sport zali qurish ishlarini atroflicha o‘rganib chiqish uchun mutasaddi tashkilot vakillariga aniq topshiriqlar berdi. Aholi tomonidan qayd etilgan tabiiy gaz muammosining yechimi borasida ham hokim o‘z fikrini aytib, mas’ullar jiddiy shug‘ullanishini ta’kidladi.

Ohalik mahallasida o‘tgan muloqotda bolalar uchun maktabgacha ta’lim muassasasiga qo‘shimcha bino qurish va boshqa muammolar yuzasidan murojaatlar bo‘ldi. Tuman hokimi mahallalardagi muammolarning yechimi borasida mahalliy aholi tomonidan ham takliflar bildirishini aytdi. Har bir taklif inobatga olinishi va kelgusida o‘z samarasini berishini ta’kidladi. Ohalikdagi masalalar yuzasidan ham tashkilot rahbarlari tegishlicha ko‘rsatmalar oldi.

 

2015-2022 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM