“Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga qanday imtiyozlar bor?

Tarixan bizga ma’lumki, har qanday davlatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqining farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlarga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
Shu bois bizning mamlakatimizda ham yoshlarning orzu-intilishlarini inobatga olgan holda ularga barcha zaruriy shart-sharoitlarni  yaratib berish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.  
Biz birgina "Yoshlar daftari" orqali  yoshlarga berilayotgan bir qator imtiyoz va qulayliklar haqida fikr yuritmoqchimiz.
Avvalo kimlar yoshlar bo‘lib hisoblanishiga aniqlik kiritib olsak, demak amaldagi qonunchiligimiz, yana ham aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi Qonunimizga ko‘ra o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan shaxslar yoshlar deb e’tirof etiladi.
So‘nggi yillarda yoshlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqidagi fikrimizni hurmatli Prezidentimizning yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qabul qilingan ayrim hujjatlariga asoslanib bayon etsak, ayni muddao bo‘lardi.
Xususan, Prezidentimizning  2021 yil 20 apreldagi "Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni bilan 2023 yil 1- yanvarga qadar nodavlat sektorida bo‘lgan ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini davlat byudjetidan to‘liq qaytarib olish imkoniyati berildi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1-maydan "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 40 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiyalar ajratiladi, ayni vaqtda ushbu daftarga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’yektlariga davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovlaridan imtiyozlar taqdim etiladi.
Shuningdek, 2021 yil 1-iyundan boshlab "Yoshlar daftari"ga kiritilgan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha bo‘lgan miqdorda kompensasiya qilinadi.
Yana bir imkoniyat, unga ko‘ra 2021 yil 1-iyundan boshlab tegishli banklar  (AT "Xalq banki", AT "Aloqa bank" va "Mikrokreditbank" ATB) tomonidan "Bir million dasturchi" loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlarga kompyuter xaridlari uchun BHMning 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratiladi.
Shu o‘rinda, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarning avvalida davlatimizning ularni bilimini oshirishga bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratish siyosati ustun bo‘lib turibdi desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Biz buni birgina "Yoshlar daftari" misolida quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin.
"Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlar bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq umumiy hisobda BHMning 5 baravarigacha bo‘lgan miqdori hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlari ham kompensasiya qilinadi.
Professional ta’lim tashkilotlari tahsil olayotgan "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga ular ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliyot o‘tagan vaqtida, biroq olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda professional ta’lim tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida har oylik subsidiya ajratiladi.
"Mehribonlik" uylari tarbiyalanuvchilari hamda "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarning haydovchilik kurslarida o‘qish xarajatlari BHMning 4 baravari miqdorigacha va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Xususiy korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan hamda faoliyatini boshlaganiga olti oydan oshmagan "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning bir qismi ham (BHMning 4 baravarigacha bo‘lgan) davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan kompensasiya qilinadi. Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. 
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda davlatimiz rahbari rahnamoligida bugungi kunda yoshlarimizga yaratilayotgan barcha imtiyoz va imkoniyatlar ertangi kunimizga zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozisiyaga ega, har tomonlama ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi yoshlarni yetishib chiqishiga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ramish O‘LMASOV, 
tuman adliya bo‘limi 
bosh maslahatchisi,

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM