Soliqchi – ko‘makchi: jamoatchilik va tadbirkorlar fikri inobatga olindi

Joriy yil 1 iyun kunidan dan boshlab:

Birinchidan, “Soliq” mobil ilovasi orqali mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, birinchi marotaba kelib tushgan murojaat bo‘yicha soliq to‘lovchi huzuriga borgan holda, profilaktik suhbat o‘tkazilib, tadbirkorlik subektining qonun talablarida ish yuritishi to‘g‘risida rasman ogohlantiriladi. Unga nisbatan ta’sirchan moliyaviy jazo choralari ko‘rilmaydi.

Mazkur ogohlantirishdan keyin ham xulosa qilinmasdan, qonun buzilishlari davom ettirilib, ushbu tadbirkorlik subekti bo‘yicha ikkinchi marotaba murojaat kelib tushsa belgilangan tartibda o‘rganish o‘tkaziladi va natijasi bo‘yicha soliq tekshiruvi tashkil etiladi.

Ikkinchidan, murojaat bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilayotgan yoki o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida ushbu subekt bo‘yicha takroriy tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. 

Uchinchidan, jamoatchilik nazoratini kengaytirish maqsadida, bir fuqaro tomonidan 24 soat ichida 2 tadan ortiq hamda 30 kalendar kuni davomida 1 ta shoxobcha bo‘yicha 1 martadan ko‘p murojaat yuborilishiga cheklov o‘rnatiladi.

To‘rtinchidan, davlat soliq xizmati organlari xodimlarining huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlari, mukofot to‘lanmaydigan murojaatlar sifatida qayd qilinadi.

Davlat soliq qo‘mitasi ushbu o‘zgartirishlarni inobatga olgan holda, chek talab qilib, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda faol ishtirok etayotgan fuqarolarimizni rag‘batlantirishni va noqonuniy ishlash yo‘lini tanlagan ayrim subektlarga nisbatan ta’sirchan nazorat tadbirlarini izchil davom ettiradi.

2015-2022 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM