Tumanning olis hududlarida qanday o‘zgarish bor?

Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Abdullayev ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida asosiy e’tibor olis hududlarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida olib borilayotgan ishlarga qaratildi.

Ta’kidlanganidek, yurtboshimizning 2022 yil 18 mart kuni tumanlarning olis hududlarida joylashgan mahallalardagi yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etish, shuningdek, ularda istiqomat qilayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar bo‘yicha 172-sonli qarori qabul qilingan. Shunga ko‘ra, tumanimizdagi Qoziqo‘rg‘on hamda Do‘stlik mahallalarida qurilish-ta’mirlash ishlari jadallashtirildi.
Jumadan, Qoziqo‘rg‘on mahallasi aholisining turmush darajasini yaxshilash, ularning doimiy daromad manbalarini yaratish, qishloqning arxitektura qiyofasini yangilash va obodonlashtirish bo‘yicha joriy yilda quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ichki va asosiy yo‘llarni yaxshilash bo‘yicha Qoziqo‘rg‘onda 6 kilometr tosh-shag‘al hamda asfalt qoplamasini yotqizilishi maqsadida tender savdolariga qo‘yilgan. Shuningdek, mahallaga 1 dona yangi suv inshootini qurish, 7,2 kilometr yangi tarmoq tortish rejalashtirilgan. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 1 ta yangi transformator o‘rnatish, 1900 metr elektr tarmoqlar tortish, bundan tashqari 50 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilishi belgilangan.
Mahallada internet sifatini yaxshilash maqsadida tuman aloqa bo‘limi xodimlari tomonidan 300 metr tarmoq tortildi. Ayni kunlarda 140 ta uy-joydan iborat kam ta’minlangan oilalarning uy-joylarini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
2,5 kilometr piyodalar yo‘lakchasi qurish ishlar davom etmoqda. Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan bugungi kunda mingga yaqin daraxt ko‘chatlari ekildi.
Tumandagi Do‘stlik mahallasida gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida mahalladagi kam ta’minlangan oilalarga 20 ta  gaz ballon berildi. Shu bilan birga, tuman aloqa bo‘limi tomonidan 400 metr internet tarmoqlari tortildi.  “Temir daftar”da turgan 120 nafar fuqaroning uy-joyi ta’mirlanmoqda. Obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

2015-2022 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM