Shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majburmi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi Konstitusiyaviy qonunning loyihasida shaxs o‘ziga va o‘z yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik qilishga majbur emasligini ko‘zda tutuvchi norma taklif etilmoqda.

 

Mazkur qoida nimani anglatadi, uning amal qilishi qanday kafolatlar yaratadi?

 

So‘nggi yillarda mamlakatda sud va tergov jarayoni ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘nalishida muhim islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat prosessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

 

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida shaxsiy va siyosiy xuquqlarni himoya qilish sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim islohotlar qatorida “jinoyat prosessida jabrlanuvchi va guvohlarning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash mexanizmini takomillashtirish” masalasiga  ham alohida to‘xtalib o‘tgan. Shaxs o‘ziga va o‘z yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik qilishga majbur etilishi mumkin emasligi qoidasini qat’iylashtirish, uning ahamiyatini oshirish birinchi navbatda, davlat rahbari tomonidan e’tirof etilgan ana shu masalani ta’minlashga qaratilgan.

 

Shaxs o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermasligi huquqi jinoyat prosessining eng muhim prinsipi - aybsizlik prinsipi qoidalaridan kelib chiqadigan kafolat hisoblanadi. Jumladan, aybsizlik prezumpsiyasiga binoan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Mazkur talab BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt 14-moddasi talablaridan ham kelib chiqadi. Unga asosan o‘ziga o‘zi qarshi ko‘rsatuv berishga yoki o‘zini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Respublikasi mazkur Paktga 1995 yilda qo‘shilgan.

 

Bu xalqaro standartning asosiy maqsadi – huquq tartibot organlari tomonidan jinoiy ta’qib ostidagi shaxsni majburlash yoki unga har qanday bosim o‘tkazish yo‘li bilan uning irodasiga qarshi olingan dalillardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikdir. Mazkur kafolatdagi o‘z-o‘zini ayblamaslik huquqi faqatgina jinoyat sodir etishda iqror bo‘lishga majburlash taqiqi bilan cheklanib qolmaydi. O‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majburlash mumkin emasligi qoidasi keyinchalik jinoyat ishida foydalanish mumkin bo‘lgan faktlar to‘g‘risidagi har qanday ma’lumotlarni taqdim qilishga majburlash ham mumkin emasligini nazarda tutadi. Ushbu qoida sud va huquq-tartibot organlari so‘roq qilishdan oldin shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqi to‘g‘risida ogohlantirishi lozimligini ham anglatadi.

 

Albatta, hozirda ham Jinoyat-prosessual kodeksida shaxsning o‘z qarindoshlariga qarshi ko‘rsatma berish erkinligi belgilangan. Jumladan, mazkur kodeksining 116-moddasiga ko‘ra, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga taalluqli holatlar haqida guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat o‘zlarining roziliklari bilan so‘roq qilinishlari mumkin.

 

Lekin shu bilan birga, afsuski, sud tergov amaliyotida shunday holatlar ham uchraydiki, ayrim tergov xodimlari fuqarolarimiz o‘zining bunday huquqi borligini anglamasligidan foydalanib, o‘z qarindoshiga nisbatan guvohlik berish-bermaslik shaxsning mutlaqo erkinligi ekanligi va bu kabi guvohlik berishdan bosh tortish uchun jinoiy javobgarlik mavjud emasligini to‘liq tushuntirmaydilar. Natijada, insonlarning mazkur huquqdan amalda real foydalanishida muammolar yuzaga keladi.

 

Shaxsning o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik bermaslik huquqi har qanday turdagi qiynoqlar, tahdidlar va majburlov choralarini qo‘llashni cheklovchi instrument bo‘lib xizmat qiladi.

 

Mazkur qoidaning Konstitusiya darajasida belgilanishi esa shaxsga kimningdir xohish-irodasi ob’yekti sifatida munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘yilmasligini, uning shaxsiy hayot daxlsizligi esa chinakam konstitusiyaviy kafolat ekanligini mustahkamlaydi.

 

Surayyo Rahmonova,

yuridik fanlari doktori, professor, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi kafedra mudiri.

2015-2022 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM