Har bir mahalla obod maskanga aylanishi kerak

Tuman hokimligida tashkil etilgan yig‘ilishda tuman hokimi, sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirok etdi.
Unda mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining asosiy vazifalari, xuquq va majburiyatlari hamda faoliyati doirasidagi mas’uliyati to‘g‘risida fikr mulohazalar bildirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i J.Melikov ayrim mahalla raislari o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotganini tanqid qildi.
Qayd etilganidek, tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan 2022-yil 25-iyun sanasidan 23-iyul sanasiga qadar monitoring olib borilganda mahalla raislariga berilgan vazifalar ijrosi o‘z vaqtida bajarilmayapti. Misol uchun, Parrandachilik, Xo‘ja Ahroriy Vali, Qo‘lba, Pulimug‘ob, Chumchuqli, Quyi Turkman, Urganji, Buxoriy, Navbog‘, Mirishkor, Qo‘shko‘prik hamda Jarqishloq mahalla fuqarolar yig‘ini raislari tomonidan kafolat xati, 2022-yil yo‘l xaritasi kabi tegishli vazifalar ijrosi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan. Hududda obodonlashtirish ishlari ham e’tiboridan chetda qolmoqda. Shuningdek, tumandagi O‘rtashiq mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan aholiga tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib bormaganligi tufayli mahalla hududi mayishiy chiqindilarga to‘lib ketgan. Begona o‘tlar sarg‘ayib ketganligi o‘tgan 3 oy davomida obodonlashtirish ishlari olib bormaganidan dalolat.
Yig‘ilishda mahallalardagi shu va boshqa kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Har bir mahallani obod maskanga aylantirish borasida tegishli topshiriqlar berildi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM