Samarqand tumani hokimi Sirojiddin Usmanovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

Аssalomu alaykum, aziz va qadrli tumandoshlar!
Barchangizni, bugungi ulug‘ ayyom - mamlakatimiz Konstitusiyasi qabul qilinganligining 30 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
O‘ttiz yil - tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
Ana shu mashaqqatli va sharafli yo‘lda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitusiyamiz bilan bog‘lashimiz, albatta, bejiz emas. Nega deganda, Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limizni hamda inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.
To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. 
Konstitusiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
Hurmatli do‘stlar!
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha oldimizda ulkan va muhim vazifalar turganini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.
Bu borada har qanday islohot konstitusiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda amalga oshirilishi, qonun ustuvorligi bosh mezon bo‘lishi zarur.
Bizning maqsadimiz - xalq hokimiyatini so‘zda emas, amalda ta’minlashdan iborat. Bu - biz yashayotgan bugungi murakkab davrning asosiy talabidir. Takror aytishga to‘g‘ri keladi - odamlarimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni bugun kutmoqda.
Shu sababli biz o‘z faoliyatimizni "Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi" degan shior asosida tashkil etishimiz, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solishimiz zarur.
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz jonajon Vatanimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga olib chiqishdek yuksak maqsad yo‘lida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.
Ishonchim komil, ana shu olijanob maqsadlarga erishishda davlat organlari, keng jamoatchilik, barcha fuqarolarimiz o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga amal qilinishining kafili sifatida jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashni, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilishni o‘zimning nafaqat vazifam, eng avvalo, muqaddas burchim, deb hisoblayman.
Hech shubhasiz, oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitusiyamiz yangi-yangi avlodlar uchun hayot qomusi, dolzarb muammolarni yechish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ishlaringizda ulkan zafarlar tilab qolaman.
Yurtimiz hamisha tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Bosh Qomusimiz - Konstitusiyamiz qabul qilingan kun barchamizga muborak bo‘lsin!

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM