Alisher Normamatov, IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i: Joriy yilning 2 oy 10 kun davomida tuman hududida sodir bo‘lgan YTHlarida 2 kishi vafot etib, 12 kishi tan jarohati olgan

Navbatdagi matbuot anjumani Samarqand tumani hududida transport hodisalarining oldini olish borasida amalga oshiralayotgan ishlarga bag‘ishlandi.
Unda tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Alisher Normamatov ishtirok etdi.
Qayd qilinganidek, tuman  hududidagi jami avtomobil yo‘llari uzunligi 255,5 km ni tashkil qiladi. Shundan xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar uzunligi 55,5 km, davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llar uzunligi 6 km, mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan avtomobil yo‘llar uzunligi 194 km hisoblanadi. Bugungi kunda tuman bo‘yicha jami 44 549 ta transport  vositalari  ro‘yxatga  olingan.
Joriy yilning 2 oy 10 kun davomida tuman hududida sodir bo‘lgan YTHlarda jami 2 kishi vafot etib, 12 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olishgan.
Samarqand tumani hududida yo‘l-transport hodisalarini barvaqt oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va harakat ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Tuman hududida profilaktika va targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilib, hududda joylashgan yo‘lovchi tashuvchi uyushmalarda 25 marta, avtoxo‘jaliklarda 18 marta, korxona va tashkilotlarda 17 marta, mahalla fuqarolar yig‘inlarida 48 marta, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida 40 marta turli profilaktik targ‘ibot tadbirlari olib borildi.
Bundan tashqari o‘tgan davrda Samarqand tumani hududida 2 ta “Shovqin chiqaruvchi yo‘l chiziqlari” chizildi. Bu ham, albatta, turli yo‘l transaort hodisalari sodir bo‘lishining oldini olishda katta ahamiyatga ega.
Shu bilan birga M-39 “Samarqand-Toshkent-Termez” avtomobil yo‘lining 1094 km.da “Xavsiz hayot – yo‘llarda bolalarni asraylik”, “Tezlik umurdan ustun emas” shiori ostidagi pannolar o‘rnatildi. Tuman markaziy shifoxonasi oldida yo‘l transport hodisalarining oldini olish uchun videolavha va “Xavsiz hayot – yo‘llarda bolalarni asraylik”, “Tezlik umurdan ustun emas” shiori ostidagi pannolar o‘rnatildi.
Tuman hududida harakat ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida velosiped yo‘llari  va piyodalar yurish joylari (trotuar) tashkillashtirildi.

 

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM