“O‘rtashiq” o‘quv-sport texnika klubining qo‘shimcha yangi binosi ochildi

“Vatanparvar” tashkilotining Samarqand tumanidagi “O‘rtashiq” o‘quv-sport texnika klubida haydovchilik kursalarida imtiyozli o‘qigan yoshlarga guvohnomalar topshirish marosimi o‘tkazildi.
2021 yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotiga yoshlarni mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha bir qator vazifalar yuklatilgan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Vatanparvar” tashkilotining “O‘rtashiq” o‘quv-sport texnika klubida Samarqand tumani hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi bilan hamkorlikda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 50 nafar yoshlar haydovchilik kurslarida o‘qitildi. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga guvohnomalar tantanali topshirildi.


Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti Samarqand viloyati kengashi raisi Bekzod Raximov, Samarqand tumani hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Azizova, O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlar birlashmasi tuman bo‘limi raisi Botir Xaliyorov, faxriylar, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz tomonidan olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati, xususan, yoshlarni kasbga yo‘naltirish orqali ish bilan bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida “O‘rtashiq” o‘quv-sport texnika klubi tomonidan yoshlar va fuqarolarni texnik kasblarga tayyorlash uchun yaratilgan qo‘shimcha yangi o‘quv xonalarining ochilish marosimi ham o‘tkazildi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM