Samarqand tumanida yana bir yirik sanoat majmuasi qurilmoqda: Unda 10 minglab ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan

Bugungi kunda Samarqand tumanidagi “Nurli Kelajak Ishonch Servis” va “Qayumov stroy invest” MChJlari tomonidan 37 gektar maydonda savdo, sanoat va servis majmuasi qurilishi doirasida qiymati 2 trillion 79 milliard so‘mlik 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar uchun 42 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘lari jalb etilgan. Qariyb 10 mingta ish o‘rni yaratiladigan loyihalarda yillik tovar aylanmasi 2,2 trillion so‘mni, yillik soliq tushumi esa 78,9 milliard so‘mni tashkil etadi.

Ulardan birinchisi – 11 gektar maydondagi avtomobillar ehtiyot qismlari bozori tez kunlarda foydalanishga topshiriladi. Qiymati 500 milliard so‘m bo‘lgan ushbu markazdan 751 ta savdo do‘koni o‘rin olgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi markazning yillik tovar aylanmasi hajmi 560 milliard so‘mni, yillik soliq tushumi yiliga 19,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Asosiysi, ushbu markazda 3 mingta doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Qiymati 1 trillion 200 milliard so‘m bo‘lgan "Ko‘ksaroy avtomoll" savdo va ko‘ngilochar markazining ishga tushirilishi bilan 6230 nafar aholi ish o‘rniga ega bo‘ladi. Jami 11 gektar maydonni egallagan markaz qurilishi uchun 30 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu markaz foydalanishga topshirilgandan so‘ng uning yillik tovar aylanmasi qariyb 1,5 trillion so‘m, yillik soliq tushumi esa 49,3 milliard so‘m bo‘lishi kutilmoqda.

Bugungi kunda nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni mamlaktlarda ham oyna ishlab chiqarish va unga ishlov berishga talab yuqori. Shu bois bu turdagi loyihalarni ishga tushirish import o‘rnini qoplab qolmasdan, eksport imkoniyatlarini ham oshiradi. Jamiyat tomonidan qiymati 96 milliard so‘m bo‘lgan oynaga ishlov berish, steklopaket tayyorlash, plastik va alyumin romlar ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish uchun 6 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritilgani ham bejiz emas. 2024 yilning birinchi yarim yilligida ishga tushiriladigan ushbu loyiha doirasida yillik 211,2 milliard so‘mlik 220 ming kvadrat metr oyna mahsulotlari ishlab chiqariladi. Yillik soliq tushumi 10 milliard so‘m bo‘lishi kutilayotgan loyihada 250 nafar doimiy ish o‘rni yaratiladi.
 

Mutaxassislarning kuzatishlariga ko‘ra, yurtimizning barcha hududlarida qurilish materiallariga talab yuqoriligicha qolmoqda. Talabni qondirish uchun aksariyat hollarda ayrim mahsulotlar katta miqdorda import qilinadi. Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarishni o‘zimizda tashkil etish importni kamaytirib valyutani tejaydi, qo‘shimcha qiymat yaratadi va asosiysi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qiladi. Jamiyat tomonidan ushbu yo‘nalishda penaplast, zichlagich (salnik), ohak va gazoblok ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Jami 10,5 gektar maydondagi loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun 338,4 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi hisob-kitob qilingan bo‘lsa, 5,5 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilgan.

Joriy yil yakuni va 2024 yilning birinchi yarim yilligida ishga tushiriladigan loyihalar doirasida yiliga 180 ming metr kub penaplast, 10 tonna zichlagich, 70 ming tonna ohak, 420 ming metr kub gazoblok ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ya’ni, korxonalarda 260 nafar aholi bandligi ta’minlanib, yiliga 539 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.

- Davlatimiz rahbari boshlagan ishlarimiz bilan tanishib, loyihalarni qisqa muddatda ishga tushirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratishni ko‘paytirishni ta’kidladilar, - deydi jamiyat mas’ul xodimi Hasan Xo‘jaqulov. – Bildirilgan ishonch va aholi bandligini ta’minlash uchun qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, loyihalarning aksariyatini yil yakunigacha ishga tushirishni rejalashtirdik. Kelgusi yildan rejadagi yangi beshta loyihani amalga oshirishga kirishamiz.   

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM