Mironqulda nima o‘zgaradi?

Samarqand tumanida “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etiladi. Shu va uni keyinchalik boshqarish maqsadida tuman hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Ohalik - Oqbo‘yro – Mironqul” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Aytish lozimki, bejizga aynan ushbu hudud tanlangani yo‘q. Negaki, bu tog‘li hududda go‘zal tabiati, musaffo havosi tufayli avval asosan bir nechta bolalar oromgohlari qurilgan. Keyingi yillarda aholi tomonidan dam olish maskanlari tashkil etildi.


Endi esa eko hamda ekstremal turizmni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratilib, zamonaviy talablar asosida ekologik tez quriladigan joylashtirish vositalari, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turizm infratuzilma ob’yektlari barpo etiladi.
Albatta, bu ishlarning barchasi davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan amalga oshirilmoqda.
Ushbu hujjatda 1 oy muddatda “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik rekrasion zonasi faoliyatini tashkil etish, joriy yilning 1 avgustiga qadar zonaning master rejasini ishlab chiqish va talab etiladigan yer maydonlari toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni hukumat komissiyasiga kiritish, zona hududida ichki ishlar boshqarmasining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘limini tashkil etish va boshqa vazifalar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Ma’lumot uchun aytish mumkinki, hududda amalga oshirish uchun 73 million dollarlik 130 ta birlamchi loyiha shakllantirilgan.
Misol uchun, uzunligi 6 kilometr, 3 ta to‘xtash stansiyasidan iborat osma dor (kanat) yo‘li tashkil etish loyihasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, 110 ming sayohni qabul qilish imkoniyatiga ega modulli dam olish maskanlari, mehmonxona, kemping, ekouy va bog‘lar, cho‘milish havzalarini o‘z ichiga olgan 40 ta loyiha taklif etilyapti.


Albatta, bu ishlar o‘z o‘zidan bo‘lmaydi. Chunki hududdagi 6000 turar joy da 15 mingga yaqin aholi yashaydi. Ayni aytda har bir xonadon va boshqa qurilmalar xatlovdan o‘tkazilib, ma’lumotlar jamlanmoqda. Galdagi vazifa - joriy yilning 1 mayiga qadar Ohalik, Oqbo‘yro va Mironqulda jami 4656 yer maydoni belgilangan tartibda direksiya hisobiga o‘tkazishdan iborat.
Hududda umumiy maydoni 1697 gektar bo‘lgan “Ohalik”, 414 gektardan iborat “Oqbo‘yro” hamda 2545 gektarda “Mironqul” tog‘ turizmi loyihalari amalga oshiriladi. 2024-2025 yillarda tashkil etiladigan turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’yektlarini qurish uchun mahalliy va xorijiy investorlar jalb etiladi.


Alohida qayd etish lozim, hududdi boshqa infratuzilma to‘liq davlat tomonidan, ya’ni respublika va mahalliy byudjet hisobidan tashkil qilib beriladi.
Misol uchun, 2025-2026-yillarda turistik-rekreatsion zona va unga olib boruvchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 31 milliard 81 million so‘m, mahalliy byudjetdan 8 milliard 900 million so‘m sarflanishi rejalashtirilgan.
Viloyat mahalliy byudjetidan yo‘l infratuzilmasini qayta qurish, joriy va mukammal ta’mirlashga ham 14 milliard 700 million so‘m ajratiladi.
Elektr energiyasi tarmoqlarini qurish va ta’mirlash, ichimlik suv va oqova tarmoqlarini qurish, qayta qurish va modernizatsiya qilish respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Hududda axborot kommunikatsiya-texnologiyalarini rivojlantirish uchun “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi 97,4 million so‘m sarflashi belgilangan.

Bahriddin XONKELDIYEV,
Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati rahbari.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM