Samarqand tumanidagi yirik qurilishlar bo‘ylab jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi

Press-tur ishtirokchilari Samarqand eshkak eshish kanali hududida joylashgan turizm markazida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lishdi.

- Ikki yuz gektar maydonda qurilayotgan markazda 8 ta ko‘p yulduzli mehmonxona, nufuzli anjumanlar o‘tkazishga mo‘ljallangan Kongress-xoll zali barpo etilmoqda, - deydi turizm markazi direktori O‘ktam Latipov. – Shuningdek, «Abadiy shahar» majmuasi, 10 ga yaqin ekokottejlar, oilaviy dam olish maskanlari, sport musobaqalari o‘tkaziladigan maydonlar qurilmoqda.

 

Yurtimizdan tashqari, Rossiya, Serbiya, Italiya, Turkiya kabi davlatlardan kelgan 7 mingdan ziyod ishchi, quruvchi–muhandislar mehnat qilayotgan yirik ob’yektda Italiyadan keltirilgan 40 turdan ortiq 2600 tup turli manzarali daraxt ko‘chatlari mahalliy muhitga moslashtirilmoqda.

 

- Turizm markazini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida Cho‘ponotadagi 60 gektarlik maydonda quyosh batareyalari o‘rnatish ko‘zda tutilgan, - deydi loyiha rahbari Mo‘min Qodirov. – 2500 metr yer ostidan toza ichimlik suvi olish uchun suv inshootlari o‘rnatildi. Ikki kilometr uzunlikdagi eshkak eshish kanalining suvi quritilib, tubi chiqindilardan tozalandi. Tez kunlarda xorijdan yana 10 ming to‘pdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari keltiriladi.

 

«Abadiy shahar» majmuasi - yurtimizda mavjud bo‘lgan 30 ga yaqin qadimiy obidalarning nusxalarini o‘zida jamlagan. Majmuaga kirish qismiga Tillokori madrasasining kichik nusxasi zeb berib turadi. Qadimgi Samarqand qog‘ozi ishlab chiqaruvchilar, milliy hunarmandchilik buyumlari ustalari va rassomlar uchun maxsus ustaxonalar quriladi. Yopiq bozorga kelgan mehmonlar esa qandolatpazlar, pishiriq tayyorlovchilar, choyxona va milliy taomlar oshxonalaridan bahramand bo‘lishadi.

 

Press-tur ishtirokchilarining kelgusi yilning mart oyidan mehmonlarni kutib olishni boshlaydigan Samarqand turizm markazi qurilishiga oid savollariga o‘zbekistonlik va xorijlik mutaxassislardan javob olindi.

2015-2021 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM