Tumanda ta’lim tizimida qanday o‘zgarishlar bor?

Matbuot uyida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida shu savolga javob izlandi.
Unda tuman xalq ta’limi bo‘limi ta’lim sifati monitoringi bosh inspektori Sirojiddin Samatov jurnalislarga ma’lumot berdi.
Qayd qilindiki, ta’lim sifati pedagog kadrlarning salohiyatiga bog‘liq. Umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog xodimlarning sifat tarkibi tahlil qilinganda 2020 yilda 2634 nafar pedagog xodimlar faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, ularning 93,6 foizi oliy ma’lumotli, 1,7 foizi tugallanmagan oliy va 6,4 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar bo‘lsa,  2021 yilda 2615 nafar pedagog xodimlarning 2448 (93,6%) nafari oliy ma’lumotli, 25 (0,9%) nafari tugallanmagan oliy va 124 (4,7%) nafari o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar ekani ma’lum bo‘ldi.
2022 yilda pedagog kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida 1000 nafarga yaqin pedagog xodimlar navbatdagi va navbatdan tashqari attestasiyaga jalb qilingan. Shundan 200 nafarga yaqini oliy toifaga 300 nafarga yaqini ikkinchi toifadan birinchi toifaga 500 nafarga yaqini mutaxassisdan ikkinchi toifaga da’vogarlar hisoblanadi.


Ular bilan har hafta metodik kunlarda o‘quv seminarlari tashkil etilib, DTM sayti va nodavlat ta’lim tashkilotini jalb etish orqali test sinovlari o‘tkazilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2021 yilda Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi 15,3% ga, grant asosida qabul qilish 8,8% ga, O‘zbekistondagi xorijiy OTMlariga 25 nafar, xorijiy OTMlariga qabul qilinganlar 260 nafarga oshgan.
2021 yilda o‘tgan yillarda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni inobatga olib, barcha umumta’lim maktablarida diagnostik test sinovlari o‘tkazildi. O‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, bitiruvchilarning qaysi OTMlarga o‘qishni davom ettirish istagi borligi aniqlandi va ularga alohida o‘qituvchilar biriktirildi.
Tumanda ta’lim tizimida yetarlicha o‘zgarishlarni amalga oshirish maqsadida AKTni joriy etishga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda.
Jumladan, tumandagi 54 ta umumta’lim maktablarida bugungi kunda 88 nafar informatika fani o‘qituvchilari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ta’lim muassasalaridagi 82 ta sinfxonalarda 1189 dona kompyuter jamlanmalari, 11 ta sinfxonalarda 176 dona ma’nan eskirgan kompyuterlar mavjud. Yil boshida tumandagi 55 ta ta’lim muassasalarining 24 tasi internet tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, bugungi kunda 55 ta (100%) ta’lim muassasalari internet tarmog‘iga ulandi.


Matbuot anjumanida jurnalistlar ta’lim tizimidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish reytingini qanday qilib oshirish borasidagi savollariga javob olishdi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM