Jo‘yi Аbbosliklar 500 million so‘m daromadni ko‘zlab mehnat qiladi

Yurtimizda pishiqchilik mavsumi boshlanmoqda. Bugun bozorga borgan kishi tabarruk zaminimizda pishib yetilgan qulupnay, gilos, tut, sabzavot va poliz mahsulotlarini ko‘rib ko‘zi quvnaydi.

Bozorga chiqqani – dasturxonga tushgani, dehqonu bog‘bonning cho‘ntagi daromadga to‘lgani.

Mehnat qilgan kishi bugun hosilni, demakki daromadni yig‘ishtirib olmoqda.

Samarqand tumanining Jo‘yi Abbos mahallasi aholisining asosiy daromadi bog‘dorchilik va tomorqa ishidan. Erta bahordan ko‘chat sotib, dastlabki daromadini hisob-kitob qilgan mahalla ahli bugun, gilos, karam, sabzi va boshqa sabzavot ekinlari hosilini bozorga chiqarib, mehnati rohatini ko‘rmoqda.
– Bizning mahallamiz asosan, ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanadi – deydi shu mahallada yashovchi Nurmamat Xo‘jaahmadov. – Avvalgi Shreder nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hududiga yaqin bo‘lganimiz uchun shu ishning hadisini olganmiz.

O‘zim ham ko‘p yillar shu xo‘jalikda ishladim. Hozir o‘g‘illarim ishlayapti. Bizda har bir xonadon ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanadi, shu ish ortidan million-million so‘m daromad qilamiz. Bundan tashqari, bog‘dorchilik bo‘yicha ham yaxshigina tajribamiz bor. Men o‘zim tomorqada qariyib sakson tup gilos parvarishlayman. Har biridan kamida 100 kilodan hosil olaman. Xaridorlarning o‘zlari kelib olib ketishadi. Narxi 10 ming so‘mdan kam emas, 18 ming so‘mgacha so‘rashyapti. Mahallamizda bunday bog‘lar ko‘p-da. Endi o‘zingiz hisoblab ko‘ravering, yaxshi mehnat qilgan kishi hech qachon kam bo‘lmaydi. Bizning mahallamizda yerga mehr bergan kishi 500 million so‘mdan kam daromadni ko‘zlamaydi, shunga yarasha ishlaydi. Xudoga shukr, ishlab kam bo‘lgan emasmiz.
 67 yoshli Nurmamat akaning suyagi mehnatda qotgan. Umr bo‘yi dehqonchilik, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratgan, orzu-havas ko‘rgan. Farzandlarini uyli-joyli qilgan.

– Ayrim joylarda men tengi insonlar biz endi qaridik, endi bolalar mehnat qilsin, deyishadi, – deya so‘zida davom etadi Nurmamat aka. – Bu – noto‘g‘ri gap-da. Bilagida kuchi, yuragida ishtiyoqi bor odam necha yoshda bo‘lishidan qat’iy nazar mehnat qilishi kerak. Mehnat qilgan odam aslo qarimaydi, bundan zavq tuyasiz, yashashga ishtiyoqingiz oshadi.

Gʻ.Hasanov,

A.Isroilov.

2015-2022 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM