Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli qurilish, ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda

Aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlar sifatini yanada yaxshilash, dasturlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish hamda aholi murojaatlarini o‘z vaqtida yechimini topish, ayniqsa, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari Samarqand tuman elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari tomonidan qizg‘in olib borilmoqda.
– Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida belgilangan dasturlar va murojaatlar asosida joylarda keng ko‘lamli qurilish, ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi Samarqand tuman elektr ta’minoti korxonalari rahbari Asad Shukurov. – Natijada elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha aholini qiynab kelayotgan muammolar bartaraf etilmoqda. Ayni kunlarda tumanning “Jo‘yi Abbos” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Shreder” podstansiyasida quvvati 6300 kVA kuchlanishli transformator o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Bu esa aholining, shuningdek, ijtimoiy soha obektlari va tadbirkorlik subektlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga xizmat qiladi.
Qayd etish kerakki, tumandagi Nayzatepa mahallasida ham bu boradagi ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Xususan, mahallada joylashgan podstansiyadagi 6300 kVA kuchlanishli transformator o‘rniga 10000 kVA kuchlanishga ega transformator o‘rnatildi. Belgilangan ishlar yakunlangach, 11 ming nafardan ortiq aholi, 1100 ga yaqin ijtimoiy soha obektlari hamda ishlab chiqarish korxonalarining elektr ta’minoti yaxshilanadi.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM