Samarqand tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Shavkat Hasanovning tuman ahliga murojaati

Aziz тumandoshlar!

Jahon statistikasi ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yer sharining TOP-8 zamonaviy ekologik muammolarining birinchi o‘rnida iqlim o‘zgarishi deya baholanmoqda. Ushbu holat bir necha o‘n yillar davomida butun dunyo ekologlari va jahon afkor ommasini tashvishga solmoqda. Iqlim o‘zgarishining asosiy sababi esa yashil hududlarning kamayib borayotgani deyilmoqda ma'lumotlarda. Shuni alohida ta'kidlash kerak-ki, har qanday ekologik muammolar boshqa global muammolar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular bir-biriga ta'sir qiladi va birining paydo bo‘lishi boshqalarining paydo bo‘lishiga yoki kuchayishiga olib keladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan "Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi” bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda Prezidentimiz “Xalqimizning azaldan tabiatni muqaddas deb bilishi, tuproqni, suvni, havoni, ostonasini pok saqlashga intilishi haqida gapirib, oilada yangi farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekish bizning azaliy urf odatimiz bo‘lgan. Afsuski, mana shu ezgu odatlar bugun deyarli yo‘qolib borayapti” – deb ta'kidlab o‘tdi.

XXI-asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqayotgani, biz bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutishimiz lozimligini ko‘rsatmoqda.

Bu so‘zlarni men bejiz keltirmadim. Boisi, hammamizga ma'lum, yanvar oyida ham, fevral oyining boshlarida ham chang bo‘ronlari, shu bilan birgalikda noodatiy tarkibida qum to‘proq bo‘lgan yomg‘ir yog‘ish holatlari kuzatildi. Bu nimadan dalolat beradi? Avvalo ushbu savolni har birimiz o‘zimizga berishimiz va unga vijdonan javob izlashimiz kerak bo‘ladi. Chunki, Ona tabiatga nisbatan befarq munosabatimizni isloh qilishimiz va bunga javoban o‘zimiz yashab turgan hududni yashillikka burkash, har bir qarich yerni obod qilish va daraxtzorga aylantirishimiz lozim deb o‘ylayman.

Zero, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning kuzgi mavsumida "Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ishlarni jadallashtirish bo‘yicha bergan ko‘rsatmalarini Samarqand tumanida amalga oshirishda Samarqandliklar ham faol tashabbus ko‘rsatishlariga va o‘zlari yashab turgan hududda daraxt ko‘chatlarini ekishiga ishonaman.

Ma'lumki, tumanimiz hududida yirik ishlab chiqarish va sanoat korxonalari, har xil turdagi qurilishlar soni kun sayin ortib bormoqda. Ushbu islohotlar xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta'minlashga xizmat qilishi bilan bir qatorda, ekologik jihatdan ham katta mas'uliyat yuklaydi.

Shu ma'noda, davlatimiz rahbarining mazkur ezgu tashabbuslarida faol ishtirok etish uchun, tumanimizdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot va muassasalar, aholimiz tomonidan tayyorgarlik ko‘rish ishlari boshlab yuborildi.

Joriy yilning kuz mavsumida ham tumanimizdagi 39 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida jami 92 ming tup manzarali hamda mevali daraxt ko‘chatlari ekish orqali, umumiy 40 gektar yer maydonini ko‘kalamzorlashtirishni maqsad qilganmiz.

Mahallalarning markaziy va ichki yo‘llari, yo‘laklar va ko‘p kavatli uylar atroflari, yakka tartibdagi uy-joylar hududlarida so‘lim go‘shalar barpo etish maqsadida, xudud iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab ekishni rejalashtirganmiz.

Ko‘chat ekish, bog‘ yaratish xalqimizning ezgu qadriyati. Daraxt ekish, yashil hududlarni kengaytirish kelajakda o‘z samarasini beradi. Zero, bugungi sa'y harakat kelajak uchun barokot demakdir. Ekilgan har bir tup nihol ertaga katta daraxtga aylanadi. Uning mevasiyu, soyasidan barcha birdek bahramand bo‘ladi. Olayotgan havomizning musaffoligi ta'minlanadi. Shuningdek, tabiatni asrash va e'zozlash bo‘yicha olib boradigan ishlarimiz aholi orasida ekologik madaniyatni kuchaytirishga xizmat qiladi. Hammamizga ma'lumki, tumanimiz atrofida yirik ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Ta'biiyki, yurtimizning musaffo havosi, go‘zal qiyofasi, farzandlarimizga obod yurtni qoldirishimiz uchun har birimiz ma'sulmiz.

Hurmatli tumandoshlar!

"Yashil makon” umummilliy loyihasi nafaqat obodonlashtirish ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan ahamiyatli bo‘lib qolmasdan, u halqimizning azaliy an'analari, qadriyatlarining bardavomligiga xizmat qilmoqda.

Samarqand tumanimizni, mahalla faollari bilan birgalikda mahalla va go‘zarlarni yanada obod etish, ko‘kalamzor va go‘zal yashil makonga aylantirish uchun har bir xonadonga 20 to‘pdan ko‘chat ekib, butun yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shishi zarur.

Aziz samarqandliklar, ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il-qizlarimiz barchangizni o‘z o‘yingizda, ko‘changizda, mahallangizda daraxt ekib, obod etishga yurtimizni bog‘ ichidagi bo‘stonga aylantirishga chaqiraman.

Mazkur loyihada barchani birdek mas'uliyat bilan ishtirok etishga chorlayman!

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM