Imkoniyati cheklanganlarning imkoniyati tor emas

Samarqand tumani markazida joylashgan kasb-hunar maktabi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan. Bu yerda aqlida, tayanch harakatida, shuningdek, eshitishi va gapirishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar kasb-hunar o‘rganadi.

Nogironligi bo‘lsa-da ishsiz emas

Bu muassasa 2020-2021 o‘quv yilida maxsus ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kolleji negizida tashkil etildi.

- Ayni paytda bu yerda 246 nafar o‘quvchi olti yo‘nalishda kasb-hunar o‘rganyapti, - deydi maktab direktori Alisher Bo‘ltakov. – Ular uchun zarur sharoitlarga ega turarjoy, oshxona, kutubxona, sport zal, sinfxonalar, o‘quv-amaliyot ustaxonlari xizmat ko‘rsatib kelyapti. 30 dan ortiq to‘garaklar faoliyat yuritadi. O‘quvchilarning o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi, kasb-hunarni chuqurroq o‘rganishini maqsad qilib 20 ga yaqin korxonalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolaganmiz. O‘tgan yili maktabni tamomlagan bitiruvchilarimizning aksariyati shu korxonalarga ishga joylashdi. O‘zi yashaydigan hududda hunarmandchilik ustaxonasi ochib, o‘zini-o‘zi band qilgan bitiruvchilarimiz ham talay. Kasb-hunar maktabida ta’lim olayotgan yoshlarimizning imkoniyati cheklangan, ammo yurtimizda ular uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti. Faqat ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish talab etiladi.

“O‘zim o‘qigan maktablarga homiylik qilaman!”

Kasb-hunar maktabi o‘quvchilari orasida nafaqat Samarqand, balki Jizzax, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan ham kelib ta’lim olayotgan yoshlar bor.

- Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug‘ilganman, - deydi Oybek Xushvaqtov. - Shu tumandagi 19-maxsus maktab internatida o‘qiganman. U yerdagi ustozlarim duradgorlikka bo‘lgan qiziqishimni bilib, Samarqanddagi ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabida o‘qishni davom ettirishimni maslahat berdi. Bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan. Maktabdagi ustaxona, shuningdek, mebel ishlab chiqarish korxonalarida o‘tilayotgan amaliyot darslarida stol-stul, so‘ri, xontaxta va boshqa jihozlarni yasashni o‘rgandim. Oilada 6 farzandmiz, ota-onamizdan erta ayrilganmiz. Ko‘p qiyinchiliklarni boshimizdan o‘tkazdik. Kelgusida o‘zim kichikroq ustaxona tashkil etish, keyinchalik uning faoliyatini kengaytirib, katta korxonaga aylantirish niyatim bor. Asosiysi, men kabi qiynalgan bolalarga yordam ko‘rsatishni, o‘zim o‘qigan maktablarga homiylik qilishni maqsad qilganman.

Maktab ustaxonasida tayyorlanayotgan oyoq kiyimlar – o‘quvchilar uchun sovg‘a

Mazkur ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabida poyabzal ishlab chiqarish ustaxonasi mavjud bo‘lib, bu yerda oddiy uskuna va qoliplar yordamida o‘quvchilar tomonidan turli xil oyoq kiyimlari tayyorlanadi.

- O‘quvchilarimiz orasida nogironligi bo‘lsa ham zehni o‘tkirlari talaygina, - deydi ishlab chiqarish ta’limi ustasi Botir Hamidov. – Shu maktabni tamomlagan 8 nafar shogirdimdan 4 nafari poyabzal ishlab chiqarish korxonalariga ishga joylashdi. Ularga mehnat bozorida talab bo‘lmagan taqdirda ham uylarida o‘tirib, kosibchilik bilan shug‘ullanishlari mumkin. O‘quvchilarimizga shu hunarni mukammal o‘rganishlari uchun qo‘limizdan kelgancha ko‘mak beryapmiz. Ustaxonamizda bir kunda 4-5 ta oyoq kiyim tayyorlash imkoni mavjud. Sifati korxonalarda tayyorlanayotganidan qolishmaydi. Bu poyabzallar mahalliy aholining buyurtmasi asosida tayyorlanyapti. Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan oyoq kiyimlar ehtiyojiga qarab o‘quvchilarimizga sovg‘a qilinadi.

“Mahallamizdagi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlayman!”

Muassasada kasb-hunar o‘rganayotgan o‘quvchilarning 59 nafari eshitishi va gapirishida nuqsoni bor yoshlardir. Ustozlarining aytishicha, boshqa tengdoshlariga qaraganda ularning xotirasi ancha kuchli bo‘lib, qaysi hunar bo‘lmasin tez o‘rganib oladi. Shunday o‘quvchilardan biri Sevinch Binayeva bilan surdo tarjimon yordamida suhbatlashdik.

- Shu maktabning 202-guruhida o‘qiyman, - deydi u. – Bu yerda ikki yilga yaqin vaqt davomida tikuvchilik sirlarini o‘rganib kelyapman. Birinchi bosqichda ayollar kiyimlarini tikishni o‘rgandik. Hozir esa bolalar uchun kiyim-kechaklar tayyorlashni o‘rganyapmiz. Qo‘lim ancha kelishib qoldi. Maktabni bitirib, o‘zim yashaydigan Qo‘shrabot tumani Shovana qishlog‘iga borib, tikuvchilik syexini tashkil etish niyatim bor. Qishlog‘imizda ishsiz bo‘lgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga harakat qilaman.

Ushbu ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabida tarix, informatika, fizika va boshqa umumkasbiy hamda maxsus fanlardan darslar o‘tiladi. Dars va mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtlarida o‘quvchilar kitob mutolaa qilishi, turli sport o‘yinlari bilan shug‘ullanishi, sayohatlarga chiqishi uchun ham imkoniyatlar keng.

2015-2024 © Самарқанд туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM